buongiorno a tutti. Blogimning maqsad va vazifalarini tushintirishdan oldin o'zim haqimda ozroq ma'lumot berib o'tsam: men Mustafayev Shaxboz - italyan tili mutaxassisi, lingvist, mustaqil tadqiqotchi, bo'sh vaqtlarda gid-ekskursovod, tarjimon, kompyuter sohasi ixlosmandi, dunyoviy va ba'zida diniy bilimlar shinavandasi; oilali, Toshkentdagi O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti italyan tili o'qituvchisi; initalia.uz, italian-uzswlu.uz va ushbu sayt muallifi, samarqandlik oddiy inson.
Hozirda "Italyan va o'zbek tillarida virtual muloqotning lingvistik xususiyatlari" mavzusida mustaqil tadqiqotchilik ishimni ustida ishlamoqdaman va o'z navbatida yuqorida nomi zikr qilingan oliygohda talabalarga ta'lim bermoqdaman. Shaxsiy blog yaratish fikri Istanbulga borishdan oldin u yerdagi narx-navo, sharoitlar haqida internetda o'zbek tilida biron nima toparman degan besamar harakatlarimdan so'ng kelib qoldi. Rus tili, italyan tili yoki ingliz tillarida ham qidirsam bo'lardi, lekin qandaydir tuyg'u o'zbek tilida ham qidirib ko'r deb turtkiladi, biroq o'zbek tilida tayinli narsa topolmaganimdan so'ng rus tilida ma'lumot oldim. Nima uchun o'zbek tilida qo'lga ilashadigan ma'lumotlar, bloglar, saytlar yo'qligi, faqat oldi-qochdi mavzudagi portallar borligi haqida yozish niyatim ham yo'q. Tabiatan realist insonman, optimistik fikrlashdan yiroqman.
Xullas, shu kabi holatlardan keyin, "Shaxboz, qani o'zing boshlab ber" degan g'oya kelib qoldi. To'g'ri, bu narsalardan hozircha zarracha ham foyda topmayman, lekin niyatim bor. Initalia.uz saytim minglab insonlarga yordam bergani, ilm ulashganini o'zi meni xursand qildi. Men dasturchi emasman, sayt qilish bu men uchun qiziqish, eramak. Bu saytimning ham kimlargadir yordami tegsa, shu men uchun eng asosiy yutuq, qolgani esa ikkinchi darajada.
Blogimning maqsad va vazifalari quyidagicha:
- qilishim mumkin sayohatlarim haqida foydali maqolalar yozish (ichki turizm haqida ham)
- chet tilidagi menga yoqqan maqolalarni o'zbek tiliga o'girish (imkon qadar manbasini keltirgan holda joylayman)
- hayotiy tajribalarim bilan bo'lishish
- va yana xayolimga kelgan narsalar
Umuman olganda yana rejalarim ko'p, nasib qilsa, ushbu blogim ham doimiy ravishda maqolalar bilan to'lib boradi.
Veb blogimga tashrif buyurganlar, qandaydir foydali ma'lumot topgan bo'lsalaringiz men bag'oyatda shodman. Savol-takliflar yuzasidan elektron pochtamga xabar yo'llashlaringiz mumkin.
