Sayt indeksatsiyasi: nima, qanday?
Sayt sahifalarining ndeksatsiyasi nima degani va u haqida nimalarni bilish kerak. Sayt indeksatsiyasi - bu sayt yoki uning sahifalari haqidagi ma'lumotlarni qidiruv tizimlarining ma'lumotlar bazasiga kiritish. Qisqa qilib aytsak, indeksatsiya - saytingizni Google, Yandex, Bing va boshqa qidiruv tizimlaridan topa olish imkoniyatini beradi. Buni yangi kitoblarni kutubxonaga topshirishdek gap. Indeksatsiyani maxsus tuzilgan algoritmlar yoki robotlar amalga oshiradi. Qidiruv robotlari saytingizdagi hamma narsani tekshiradi: matn, rasm, video, havola, audio va boshqalar. Agar tekshiruv ijobiy o'tsa, saytingiz indeksatsiyadan o'tadi va qidiruv tizimlarida ko'rinadi. Shunda barcha bemalol saytingizdan foydalana oladi.
Agar robotlar muammoni aniqlashsa, misol uchun, kontentingiz shubhali ko'rinsa yoki ko'chirilgan yoki noyobligi past bo'lsa, saytingizga sanksiyalar (cheklovlar) o'rnatiladi. Saytingiz bazaga kiritiladi, lekin qidiruv berilganda chiqmaydi. Odamlar topolmaydi.
Saytingiz eng, eng, eng bo'lishi mumkindir, lekin indeksatsiyadan o'tmasa, "eng"ligini sizdan boshqa hech kim bilmay qolib ketadi. Ehtimoliy mijozlardan quruq qolasiz.
Sayt indeksatsiyasi qanday amalga oshadi
(2).png)
- 1-bosqich. Skanerlash. Bu qidiruv tizimining saytingiz bilan ilk uchrashuvi. "O'rgimchak" saytingizni o'zi havolalar orqali topishi ham mumkin yoki o'zingiz uni taklif qilishingiz mumkin. Bunda u saytingizni yuzaki tekshirib chiqadi.
- 2-bosqich. Indeksatsiya. Saytingiz skanerlangandan keyin indeksatsiya qilinadi. Bu bosqichda HTML-kod ichidagi barcha narsa hisobga olinadi. Bu muhim - agar saytingiz talablarga javob bermasa, keyingi bosqichga o'tolmaysiz.
- 3-bosqich. Toifalash. Bu bosqichda saytingiz "to'r"da ko'rinish beradi. Foydalanuvchi so'rov berganda, qidiruv tizimi darhol mos natijalarni chiqarib beradi.
Sayt indeksatsiyasini qidiruv tizimlarida qanday tekshirish mumkin
Har qanday qidiruv tizimi o'zining algoritmlarida foydalanib sayt haqida ma'lumot yig'adi. Indeksatsiya usullarini hech kimga aytishmaydi. Shunga qaramay sayt indeksatsiyasi haqida onlayn bilish mumkin.
Eng oddiy usul
Istalgan qidiruv tizimiga kiring va quyidagi so'rovlaradn birini bajaring:
- site:[sayt URLsi] - indeksatsiya qilingan sahifalarni ko'rish mumkin. Misol uchun, site:uza.uz
- cache:[kerakli sahifa manzili] - qachon oxirgi marta sahifani robotlar tekshirganini bilish mumkin. Misol uchun, cache:uza.uz/uz.html
- site:[kerakli sahifa manzili] - shu sahifa indeksatsiya qilingan yoki yo'qligini ko'rish mumkin. Misol uchun, site:uza.uz/uz.html
Googleda sayt indeksatsiyasi
Google birdan butun saytni tekshiruvdan o'tkazadi, xato va kamchiliklarni aniqlaydi. Qidiruv natijalariga esa faqat sifatli saytlar chiqadi. Shu sababli ham saytingiz Googleda indeksatsiya qilinishi mumkin, lekin natijalarda ko'rinmasligi mumkin.
Tekshirish uchun esa Google Search Console xizmatiga kirish kerak. "Индекс Google" bo'limida "Статус индексирования" qismini topish va indeksatsiya haqida ma'lumot olish mumkin.
Saytingizni Googleda indeksatsiya qilmoqchi bo'lsangiz:
1. Google Search Consolega o'ting
(4).png)
2. Indeksatsiya qildirmoqchi bo'lgan sayt domeningizni kiriting
3. Shundan so'ng Google sizdan saytga egalik huquqingizni DNS qaydi orqali tasdiqlashingizni so'raydi. Oyna paydo bo'ladi. Shaxsiy tasdiqlash kodini nusxalaysiz va hostingiz boshqaruv paneli tomon ravona bo'lasiz.
(2).png)
4. Saytingiz sozlamalari qatorida DNS konfiguratsiyani (ba'zida APACHE va DNS, Zone Editor) topib kirasiz. Qisqasi, DNS yozuvini yoki yozuvli rasmini ko'rsangiz bo'ldi, kiring.
5. Kirganingizdan so'ng "Добавить запись", "новая запись" "+A RECORD" tugmasini topasiz va bosasiz
6. Odatda turi degan bandda TXT yozuvi turadi, yo'q bo'lsa, topib belgilaysiz. Keyin "запись" degan joyiga nusxalagan kodingizni kiritasiz va saqlaysiz.
(2).png)
7. Saqlagandan so'ng Google Console'ga o'tasiz va Tasdiqlash tugmasini bosasiz. Shu bilan robotlar saytingiz borligini bilishadi.
Yandexda sayt indeksatsiyasi
Yandex doimiy ravishda har 3-4 oyda sayt sahifalarini ko'rib chiqadi. Ishonchli saytlarni esa har kuni skanerdan o'tkazadi. Indeksatsiya holatini tekshirish uchun Яндекс.Вебмастер saytiga kirib "Индексирование сайта" bo'limini tanlash kerak va "Страницы в поиске"ni ustiga bosish kifoya. Yandexga saytni ulash ham qiyin emas, Яндекс.Вебмастерga kirib ko'rsatmalarga amal qilasiz, tamom.
Qidiruv tizimlari nimalarni skanerdan o'tkazadi va indeksatsiyaga qancha vaqt ketadi
Qidiruv robotlari ko'plar jihatlarga e'tibor berishadi, lekin asosiylari faqat 3 ta:
- mavjud havolalarning ishchi holati
- trafik hajmi
- foydalanuvchilarning saytga qiziqishi
Agar muammo topilmasa, odatda 24 soat yoki bir necha kun, hafta, oydan so'ng saytingiz qidiruv natijalarida ko'rina boshlaydi. Qancha vaqtda saytingiz qidiruv natijalarida ko'rinishini aytish qiyin. Yangi saytlar odatda 6 oy ichida natijalarda ko'rinadi. Lekin natijalarning boshida turish uchun saytingiz o'xshashi yo'q bo'lishi kerak. Yana bunga ko'p omillar ta'sir qiladi.
Sayt indeksatsiyasini qanday bekor qilish mumkin va bu nega kerak
Qidiruv robotlari sayt admini tomonidan ruxsat berilmagan sahifalarga tashrif buyurmaydi, natijada sahifa qidiruv natijalarida ko'rinmaydi, qidiruv tizimlari u sayt yoki sahifa haqida bilmay o'tib ketadi.
Nega sayt qidiruv tizimlaridan berkitiladi? Sayt to'liq yoki qisman yangilanayotgan bo'lsa, noahloqiy tarkibga ega bo'lsa (tushunmaganlar uchun: pornografiya, aslida robotlar bunaqa saytlarga kirishga xazar qilishadi) yoki ma'lum sahifalar texnik yoki maxfiy ma'lumot saqlasa, xizmat sahifasi bo'lsa. Xullas, sayt egasi qaysi sahifani indeksatsiya qilinishga ruxsat berishni o'zi hal qiladi. Robotlar tashrifiga 2 xil usulda cheklov kiritish mumkin:
1. robots.txt fayli orqali. Butun sayt yoki ma'lum sahifani indeksatsiya qilinmasligi uchun bu eng oson usuldir. Fayl .txt ko'rinishda bo'ladi (ya'ni bloknotda yoziladi) va uning ichida robotlarga nima qilish yoki qilmasligi yoziladi. robots.txt saytingiz fayli joylashgan hostingning asos qismiga yuklanadi. Faylning asosiy parametrlari:
User-agent: Qoidalar qaysi qidiruv robotiga mo'ljallanganligi yoziladi. Misol: User-agent: * (hamma uchun); User-agent: yandex (faqat yandexsga)
Disallow: Indeksatsiyaga taqiq qo'yadi. Misol: Disallow: /maqola.html (faqat namuna.uz/maqola.html sahifasiga tegishli); Disallow: / (butun saytga tegishli)
sitemap: sitemap.xml fayliga yo'l ko'rsatadi
Allow: Indeksatsiyaga ruxsat beradi

2. Sahifadagi robots metategi orqali. Bitta sahifani berkitish uchun qulay vosita. Istagan sahifangizning robots metategining content atributiga noindex va nofollow qiymatlarini kiritasiz. Noindex - sahifani indeksatsiyadan yashiradi, nofollow - robotlarga sahifadagi havolalardan foydalanishga taqiq qo'yadi. Agar taqiqlash niyatingiz bo'lmasa, index va follow deb yozasiz. Metateglar htmlning boshida, /head> tegidan keyin yoziladi.
Sayt indeksatsiyasini tezlashtirish
Sayt qancha tez indeksatsiya qilinsa, shuncha tez qidiruv tizimlarida ko'rinadi. Quyidagi qoidalarga rioya etilsa, jarayonni tezlashtirish mumkin.
- Saytni tezkor hostingga joylash
- Mustaqil ravishda saytni Google va Yandexsga indeksatsiya uchun yuborish
- robots.txt faylini chiroyli qilib to'ldirish, maxfiy sahifalarni indeksatsiyaga kiritmang
- Egizak sahifalar bor yo'qligini aniqlang
- Kontentni kalit so'zlari soniga e'tibor bering - kam yoki ko'p bo'lsa, sayt tekshiruvi cho'ziladi
- Saytni doimiy kontent bilan to'ldirib boring
- Rasm va video hajmini kamaytiring - og'ir grafika sayt yuklanishiga ta'sir qiladi
- Saytda harakatlanishni yaxshilang - dizaynni soddalashtiring, murakkablikdan chekining va boshqalar
- Sayt ichida sahifalaringizga havolalar bering. Havolaning soni ham indeksaysiyaga ta'sir qiladi. Boshqa saytlarda ham saytingizga havolalar berilsa, ish tezlashadi.
Sayt nega indeksatsiyalanmayapti
Sabablari quyidagilardan biri bo'lishi mumkin:
- noindex metategi. Bu teg indeksatsiyaga taqiq qo'yadi.
- Kontent sifati. Saytingiz foydalanuvchiga keraksiz kontentga ega bo'lsa, indeksatsiya qilinmaydi.
- rel="canonical" tegi. Bu sahifalar to'liq ko'chirilgan ma'lumotlarga egaligini bildiradi.
- Yangi veb-sayt. Yangi saytlar ko'rinishiga biroz vaqt kerak.
- Kam vaqt. Robotlar tashrifidan ko'p vaqt o'tmagan.
- Eski domen. Domen sanksiya ostiga tushgan bo'lishi mumkin. Uni hurmatini joyiga qo'yishga harakat qilishingiz kerak.
- Saytning past tezligi. Sayt sekin yuklansa, robotlarning asabi chidamaydi va ketib qoladi. Hostingni o'zgartiring.
Xulsa
Saytingiz tezroq olam yuzini ko'rishi uchun yuqoridagi qoidalarga rioya qiling. Saytingizni juda tez indekslab beramiz degan SEO firmalariga, mutaxassislariga ishonmang. Qisqa fursatda saytingiz qidiruv natijalarida chiqadigan qilib berishlari mumkin, lekin oqibatini o'ylang. Qidiruv robotlarini aldash mumkin, biroq ular buni tezda fosh etishadi va yakunda saytingiz taqiqqa uchraydi. Qiziqarli, hali noommabop kontent yarating. Jaa bo'lmasa, googleda reklama qiling.
